Toshkent viloyatidagi litsey va kollejlarda 80 axborot-resurs markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Insonning ma’naviy kamolotida, bilim va tafakkurini, dunyoqarashini kengaytirishda kitobning ahamiyati beqiyos.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Hozirgi kunda kasb-hunar kollejlari va litseylarda 80 axborot-resurs markazi tashkil etilgan, – deydi Toshkent viloyati o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi rahbari Hasan Ibrohimov. – Shuningdek, 43 kutubxona binosi kasb-hunar kollejlari ixtiyoriga berilib, axborot-resurs markaziga aylantirildi. Ayni paytda mazkur axborot-resurs markazlarida uch million nusxadan ortiq kitob saqlanmoqda.
Markazlar eng zamonaviy asbob-uskunalar, kompyuter texnikalari bilan ta’minlangan. Qirqdan ziyodi internet tarmog‘iga ulangan. Markazlar xodimlarining kasb malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili axborot-resurs markazlari xodimlaridan 36 nafari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida, 107 nafari esa Toshkent madaniyat institutida tashkil etilgan maxsus kurslarda malaka oshirdi.
2009 yilda 13 nashriyot bilan 169 million so‘mlikdan ziyod o‘quv adabiyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Ayni paytgacha ushbu adabiyotlar ta’lim muassasalariga yetkazib berildi. Shuningdek, ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash maqsadida “Sharq ziyokori” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma-savdoda 41 ming nusxa o‘quv qo‘llanmalari va badiiy adabiyotlar xarid qilindi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan mamlakatimizdagi turli nashriyotlardan 60 ming nusxadan ortiq darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilinib, viloyatdagi kollej va litseylarga tarqatildi.
O‘zA, L.Suvonov.

(No Ratings Yet)
Loading ... Loading ...